O‘zbekiston Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilari AQSHning Kemp-Shelbi harbiy bazasi (Missisipi shtati)da bo‘lib o‘tayotgan «Janubiy zarba» hamkorlikdagi mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.11 yanvardan buyon ular ikkita hamkorlikdagi mashqlarni o‘tkazib ulgurdi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Abdusalom Azizov boshchiligidagi harbiy delegatsiya mazkur mashg‘ulotlarning uchinchi — asosiy fazasini kuzatish uchun AQSHga jo‘nab ketdi.

«Janubiy zarba» taktik mashg‘ulotlari — Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tomonidan Galfport shahrida joylashgan jangovar tayyorgarlik va birlashgan kuchlarning Kemp-Shelbi o‘quv bazalarida o‘tkaziladigan yirik o‘quv-jangovar mashg‘ulotlari hisoblanadi. O‘quv mashg‘ulotlari barcha qo‘shin turlari hamda qo‘riqlov bo‘linmalari, zaxira kuchlari va doimiy qo‘shinlar uchun amaliyotda jangovar shaylikni ushlab turish hamda AQSH va asosiy ittifoq qurolli kuchlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini ta’minlash kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

Mazkur keng miqyosdagi mashg‘ulotlarda Kanada, Chili va Niderlandiya harbiylari ham qatnashmoqda.

AQSHga rasmiy tashrif davomida O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi Tampa shahridagi (Florida shtati) CENTCOM bosh qarorgohiga ham tashrif buyurib, uning rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.