29 yoshli model Nadya Nepomnyashaya 23 yanvar kuni Londondan uchib kelishda Toshkent xalqaro aeroportida ushlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining dastlabki tergv hujjatlariga tayanib «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Toshkentda doimiy ro‘yxatda turuvchi Nadya Nepomnyashaya 2018 yilning 8 avgustida pasportida xorijga chiqishga ruxsat beruvchi stiker (o‘tgan yil so‘ngiga qadar ikki yil muddatga berilgan) bo‘lmagan holda Rossiya orqali Angliyaga borgan.

Nadya Nepomnyashayaga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismi bo‘yicha (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish — eng kam oylik ish haqining 200 dan 400 barobarigacha jarima yoki 3 dan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Xorijga chiqish uchun majburiy ravishda rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan ruxsat beruvchi qayd mavjud stiker (OVIR) 1 yanvardan bekor qilindi. Uning o‘rniga 10 yil muddatga beriluvchi xorijga chiqish pasporti joriy etildi.