O‘zbekistonda o‘tgan yili yo‘l-transport hodisalarida 2262 kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi. 2017-yil bilan solishtirilganda, halok bo‘lganlar soni 8,5 foizga (2473 kishidan) kamaygan, biroq mazkur raqamlar hamon yuqoriligicha qolmoqda — har kuni qariyb 6,2 kishi vafot etmoqda.

Yo‘llardagi avariyalarda jarohatlanganlar soni 8458 kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 12,2 fizga (9637 kishi) kamaygan.

Qayd etish joizki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘z hisobotida boshqacha raqamlarni keltirib o‘tgan. Masalan, 2016-yilda O‘zbekistonda rasman 2496 kishining yo‘llarda hayotdan ko‘z yumgani xabar qilingan bo‘lsa, JSST 3617 kishining o‘limini keltirib o‘tgan (JSSTning dunyoda harakat xavfsizligi holati to‘g‘risidagi hisoboti, 2018-yil). JSST raqamlardagi farqlarni turli mamlakatlarda YTHlarda halok bo‘lish holatlarini hisob-kitob qilish va ro‘yxatga olish metodologiyalarining xilma-xilligi bilan izohlagan.

Xalqaro tashkilot O‘zbekistonning aholi punktlarida ruxsat berilgan tezlikning (soatiga 70 km) yuqori ekani, xavfsizlik kamari va bolalar o‘rindiqlaridan foydalanish bo‘yicha talabning yetarli emasligi va avtotransport vositalariga qo‘yilgan standartlarning takomilga yetkazilmaganini qayd etadi.

Dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaning 26 yilligi munosabati bilan nutq so‘zlar ekan, O‘zbekiston yo‘llarida o‘lim darajasining yuqori ekanini fojia va katta yo‘qotish deb atagan edi. Davlat rahbari Kanadaning Kalgari shahrida yo‘llardagi o‘limga qarshi samarali kurash olib borilayotganini misol qilib keltirib o‘tdi (“Gazeta.uz” avvalroq ushbu shahar tajribasi haqida yozgan edi).