Prezidentning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, tovar-xom ashyo birjalarini litsenziyalash borasidagi barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Qo‘mita o‘z faoliyatida bosh vazirga hamda alohida masalalar bo‘yicha — bevosita prezidentga bo‘ysunadi.

2019 yil 1 iyuldan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning birlashuvi va qo‘shib olinishi bo‘yicha bitimlar, shuningdek, aksiyalarni sotib olish bo‘yicha bitimlarga rozilik berish uchun eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Qaror bilan byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi hamda 2019−2023 yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Qarorga muvofiq, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat organi sifatida Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi tashkil etiladi.