2019 yil 1 yanvardan keyingi davrda chet elda ishlagan fuqarolar pensiya bilan ta’minlanish miqdoridan kelib chiqib, Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari miqdorini mustaqil ravishda, biroq yiliga Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash sanasida qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining to‘rt yarim barobari miqdorda belgilashi mumkin. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyati filiali direktori Abduaziz Hafizov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Fuqaroning chet elda bo‘lgan davrini tasdiqlash bo‘yicha asos bu:

— O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar)

— O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilganligi ma’lumoti.

Sug‘urta badallarini to‘lash tartibi:

har oyda yoki har chorakda;

bir yo‘la — O‘zbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch oy mobaynida.

2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun mehnat staji vakolatli organ, ya’ni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali ishga joylashtirilgan fuqarolarga beriladi.