O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yangi tahrirdagi mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy qoidalar loyihasiga kiritilgan axloqsiz xatti-harakatlar to‘g‘risidagi band yuzasidan izoh berdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston prezidentining 5 yanvardagi qarorida O‘zbekistonda mehmonxona xizmatlari jismoniy shaxslarning yashash joyi (propiskasi), fuqaroligi, qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek shaxsiy hayotga oid huquqlarni cheklovchi boshqa omillardan qat’iy nazar taqdim etish majburiyligi belgilangan edi.

Biroq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan buyrug‘i loyihasida mehmonxonalarga mijozlarga axloqsiz xatti-harakatlarni sodir etishda asosli gumonlar bo‘lgan taqdirda, mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish huquqini berishni ko‘zda tutuvchi band kiritildi. O‘z navbatida, ushbu band OAV va jamoatchilik vakillari tomonidan tanqid ostiga olindi.

«Biz ushbu bandning matni ustida yana ish olib borish talab etayotganini tushunamiz va shu sababdan hujjat loyihasi yuzasidan takliflarni to‘plash uchun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi», — deyiladi xabarda.