2018 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 286,3 trln so‘mni, bir kishiga o‘rtacha hisoblaganda 8,7 mln so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi. Aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 10,3 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlar 8,686 mln so‘m, aholi jon boshiga real umumiy daromadlar esa 7,391 mln so‘mni tashkil etdi.

Umumiy daromad doimiy tushib turadigan pul va natural ko‘rinishdagi daromadlarni o‘z ichiga oladi. Real daromad esa chakana narxlar va tariflar o‘zgarishlarini hisobga olgan holda real xarid qilish qobiliyatini anglatadi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (16,262 mln so‘m) hamda Navoiy (13,579 mln so‘m), Buxoro (10,825 mln so‘m), Xorazm (9,146 mln so‘m) va Toshkent (9,076 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgani kuzatildi. Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,311 mln so‘m) va Namangan viloyatida (6,801 mln so‘m) qayd etildi.

Aholi umumiy daromadining 71,1 foizi mehnat faoliyatidan, 23,5 foizi esa transfertlardan iborat bo‘ldi. Shuningdek, mol-mulkdan olingan daromadlar 3,5 foiz, shaxsiy iste’mol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlar 1,8 foizni tashkil etdi.

Mol-mulkdan olingan daromadlar 33,5 foizga o‘sib, 9,9 trln so‘mga yetdi. Bunda Toshkent shahrining ulushi 69 foizdan iborat bo‘ldi.

Transfertlardan olingan daromadlar tuzilmasida ijtimoiy to‘lovlar (pensiya, nafaqa, stipendiya, dotatsiya va boshqalar) 38,7 foiz, boshqalar esa (chet ellardan pul o‘tkazmalari va boshqalar) 61,3 foizni tashkil etdi.

Pensiya, nafaqa va stipendiyalar hajmining o‘zgarishi aholi umumiy daromadining 2,3 foizga o‘sishini ta’minladi. Chet eldan pul o‘tkazmalari hajmi 64,6 foizga, ularning aholi umumiy daromadidagi ulushi 3 foizga oshdi.


Xorazm (23,2 foiz), Samarqand (19,3 foiz) va Andijon viloyatlariga xorijdan eng ko‘p pul jo‘natilgan. Navoiy (5,1 foiz), Toshkent (5,4 foiz) va Jizzax (6,2 foiz) viloyatlari aholisi eng kam pul olgan.