Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda shu yilning 25 yanvaridan 25 fevraligacha Toshkent shahrida «Sog‘lom hayotga qadam tashla!» aksiyasi o‘tkazilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad aholining tibbiy bilimini oshirish, o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik hamda tamakidan voz kechish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishdir. Bu haqda mazkur aqsiya oldidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Bir oy davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur aksiya Toshkent shahrining Mirobod, Yashnabod, Yunusobod va Shayxantohur tumanlarining jamoat joylarida bo‘lib o‘tadi.

Hududlardagi «Korzinka» supermarketlari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda — «Salomatlik maydonchalari», hududlarda uyushmagan yoshlar bilan «Salomatlik darslari», ta’lim muassasalarida «Tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz» aksiyalari, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilish, tamaki mahsulotlari sotuvini rag‘batlantirilishini oldini olish hamda ish va jamoat joylarida hamda jamoat transportlarida tamakisiz hudud yaratish bo‘yicha ommaviy reydlar olib boriladi.

Shuningdek, bu yerda shifokorlar fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, joylardagi o‘quv muassasalari va mahallalardagi yoshlarga tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida ma’ruzalar qilishadi.