Wegoplaces.me sayohatlar uchun onlayn-servisida e’lon qilingan Solo Travel Safety Report 2019 hisobotida yolg‘iz sayyohlar uchun 2019 yildagi eng xavfsiz shaharlar sanab o‘tilgan. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Bunda Gallup Law and Order Report 2018 va Global Peace Index 2018 ma’lumotlar manbai sifatida xizmat qilgan.

142 mamlakat fuqarolari o‘rtasida bir nechta mezon bo‘yicha so‘rov o‘tkazilgan, shaharda tungi paytda yolg‘iz sayr qilayotganda o‘zlarini qanchalik xavfsiz his qilishlari, mahalliy huquq-tartibot organlariga qanchalik ishonishlari, ularga o‘g‘rilar hujum qilgan-qilmaganligi haqida ularni savolga tutganlar.

Singapur xavfsizlik indeksi bo‘yicha eng yuqori o‘rinda turibdi (97 birlik). Undan keyingi o‘rinlarni Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya egallagan, har birining xavfsizlik indeksi 93 birlikni tashkil etgan. Reytingda beshinchi satrda O‘zbekiston (91), undan so‘ng Gonkong (91), Shveysariya (91), Kanada (90), Indoneziya (89) va Daniya (88) turibdi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti amerikalik sayyohlar uchun yangilangan turistik tavsiyalarni e’lon qilgan. Tayyorlangan materialda mamlakatlar to‘rt darajali xavfsizlik sxemasi bo‘yicha ajratilgan: birinchi guruhga — safar qilish xavfsiz deb baholangan mamlakatlar, to‘rtinchisiga esa borish qat’iyan tavsiya etilmaydigan mamlakatlar kiradi. O‘zbekiston birinchi guruhdagi eng xavfsiz, amerikalik fuqaro o‘zini xotirjam his qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar orasidan joy olgan.