«Yandeks» Toshkent ko‘chalaridagi tirbandliklarni o‘n ballik shkala bo‘yicha baholashni boshladi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

"Yandeks" bosh sahifasi, «Navigator» va «Yandeks Xaritalar"da yo‘llardagi vaziyatni ballarda baholab turuvchi svetoforlar paydo bo‘ldi. 0 dan 3 balgacha — yo‘llar ochiq, 4−6 — harakatlanish qiyin, 7−10 — jiddiy tirbandliklar.

Ko‘chalarning qanchalik tirbandligini baholash uchun «Yandeks» turli manbalardagi axborotlardan foydalana, deyiladi xabarda. Jumladan «Yandeks Xaritalar», «Yandeks Navigator» foydalanuvchilari va kompaniya hamkorlari mashinalaridan kelib tushgan xabarlar tahlil qilinadi. Ma’lumotlarga haydovchi haqida axborotlar bo‘lmaydi, faqatgina avtomobilning joylashgan o‘rni, yo‘nalishi va tezligi ko‘rsatiladi. Harakat tezligidan tizim mashina tirbandlik ichida qolgani yoki odatdagi kabi ketayotganini bilib oladi.

Shahardagi har bir yo‘nalish, jumladan asosiy shosse va shoh ko‘chalar uchun qoidalarni buzmagan holda tirband bo‘lmagan ko‘cha bo‘ylab ketishi mumkin bo‘lgan vaqt etaloni mavjud. Tizim haydovchidan barcha ma’lumotlarni olgach, real vaqtning etalondan farqini o‘lchaydi. Ushbu farq asosida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tirbandlik ballarda hisob-kitob qilib chiqiladi.

Yo‘llardagi vaziyatni o‘rganish tizimi ishga tushirilgach, «Yandeks» shaharda tirbandliklar 7:30 dan keyin boshlanib, 9:00 dan eng yuqori darajaga chiqishini o‘rgandi. Kechki tirbandliklar esa 17:30 dan boshlanib, 18:20 dan 19:10 ga qadar 7 balga ko‘tariladi. Dam olish kunlari ertalablari tirbandliklar kuzatilmaydi, biroq shanba kuni kechki 19:30 da tirbandlik 6 balga yetadi.

Yo‘llardagi vaziyatga ob-havo, bayramlar va boshqa holatlar ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jumladan yomon ob-havo sababli 19 dekabr kuni Toshkentdagi tirbandliklar 9 balga qadar ko‘tarilgan.