Qozog‘istonlik avtobus haydovchisi yo‘l-transport hodisasini sodir etganlik aybi bo‘yicha Saratov viloyatida sud qilinmoqda. Bu haqda O‘zA viloyat IIB matbuot xizmati xabariga tayanib ma’lum qildi. Mazkur hodisa oqibatida besh nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan edi.

Buyurtma avtobus va yuk poyezdi 2018 yilning 17 noyabr kuni Rossiyaning Saratov viloyati Ozinsk tumanidagi boshqarilmaydigan temiryo‘l chorrahasida to‘qnashib ketgan edi. Buning oqibatida avtobusda o‘zbekistonlik bo‘lgan besh nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan. Haydovchi va uning sherigi bo‘lmish Qozog‘iston fuqarolari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Politsiya 61 yoshli avtobus haydovchisiga nisbatan jinoiy ish ochdi.

«Haydovchiga Rossiya Jinoyat kodeksining 264-moddasi 5-qismi „Ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarish“ bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Ayni damda mazkur jinoiy ishning barcha materiallari politsiya tergovchilari tomonidan sudga topshirildi», deyiladi xabarda.

Haydovchi yetti yil ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Politsiyaning aniqlashicha, «Kaessbohrer» rusumidagi avtobusni boshqargan ayblanuvchi ko‘rish darajasi yomonligi sabab svetoforning taqiqlov signalini va ovozli signalizatsiyani payqamagan hamda yaqinlashib kelayotgan poyezdni sezmagan holda avtobusni chorrahaga olib borgan.