Mo‘ynoqda bir oydan ziyodroq vaqtdan beri Orol dengizining qurigan tubini o‘rmonzorga aylantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 338,1 ming gektar maydon saksovul ekish uchun tayyorlangan bo‘lsa, 109,8 ming gektariga 443 tonnadan ortiq saksovul urug‘i sepib chiqildi, borish qiyin uchastkalarga esa aviatsiya yordamida urug‘lar sepilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi xabar qildi.

Vazifa — yil davomida Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ziyod maydonni o‘zlashtirish. 530 dan ortiq traktorlar, yo‘ltanlamaslar, ekskvatorlar va ikkita An-2 samolyoti jalb qilingan. Olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi otryadlari, Davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi mutaxassislari va boshqa tashkilotlar xodimlaridan iborat shtab tashkil etildi.

«Birinchi bosqichda Orol dengizining qurigan tubida ko‘tarilayotgan qum, chang-to‘zonlarning oldini olish maqsadida aynan shamol yo‘lini to‘sadigan 500 ming gektarlik yer maydonini tanlab olganmiz. Buning natijasida ekayotgan saksovulzorlarimiz ikkinchi yildan boshlab 20 foizga, beshinchi yildan boshlab 70 foizga 7−8-yildan boshlab, ya’ni 10 yildan keyin 100 foiz Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilayotgan chang, tuz bo‘ronlarini to‘xtatish uchun asos bo‘ladi», — dedi Davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov.

Saksovul urug‘larini mahalliy aholi keltirib bermoqda — 1 kg urug‘ uchun 15 ming so‘mgacha to‘lanmoqda. Eng faol urug‘ to‘plovchilar kuniga 150 ming, oyiga 4,5 mln so‘mgacha ishlab topmoqda.

2018 yil 24 avgust kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf qilish taklifini ilgari surgan edi. U 10−12 yil ichida dengizning butun qurigan tubini o‘rmonlashtirish va u yerda yuqori samaradorlikka ega yaylovlar tashkil etib, chorvachilikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratish mumkinligini ma’lum qildi.