Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti bazasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etildi, deya xabar qildi mudofaa mahkamasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bu Mudofaa vazirligi tizimidagi birinchi harbiy institutdir. U axborot-kommunikatsiya va aloqa hamda ushbu sohasidagi ilmiy-harbiy tadqiqotlarni tashkil etish uchun ofitser kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etildi.

OTM ikki yillik olti mutaxassislik bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlash choralarini amalga oshiradi:

  • aloqa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
  • maxsus aloqa va davlat sirlarini muhofaza qilish taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
  • axborot tizimlari va texnologiyalari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
  • radioelektron razvedka va kurash taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
  • havo hujumidan mudofaa radiotexnika qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
  • havo hujumidan mudofaa zenit-raketa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi.

Harbiy institut Toshkent axborot texnologiyalari maxsus fakulteti huquqlari, majburiyat va shartnomalari vorisi hisoblanadi.