Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga ko‘ra, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Kripto-birja — kripto-aktivlarni ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydoncha taqdim etadigan tashkilotdir.

Kripto-aktiv — qiymatga ega va egasi bo‘lgan blokcheyndagi qaydlar majmuasi, blokcheyn esa — barcha ma’lumotlar ketma-ket qayd qilinadigan va bloklar bo‘yicha joylashtiriladigan taqsimlangan ma’lumotlar reyestri.

Kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat chet el yuridik shaxslariga, nomuayyan muddatga beriladi.

Litsenziyalar elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi, litsenziyalovchi organ rahbarining, u bo‘lmagan taqdirda uning o‘rinbosarining raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va litsenziat so‘roviga ko‘ra qog‘oz shaklda beriladi.

Qog‘oz shaklda litsenziya berilgan taqdirda, ular belgilangan shakldagi maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziya blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi.

Litsenziya berganlik uchun litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.