Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Partiya ixtiyoriy ravishda umumiy qarashlar, qiziqish va maqsadlarga ega, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirishga intilayotgan, atrof-muhit va fuqarolar salomatligi muhofazasi, tabiiy resurslardan unumli foydalanish va ularni asrash bilan bog‘liq faoliyatda mas’uliyat bilan ishtirok etayotgan fuqarolarini birlashtiradi.

Yangi partiyaning asosiy maqsadi barqaror rivojlanishga, ekologik xavfsizlikka erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni saqlash va qulay atrof muhitni yaratishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Shunga ko‘ra, xalqaro tajribada odatda yashillar partiyasi deb nomlanuvchi ekologik yo‘nalishdagi O‘zbekiston Respublikasidagi siyosiy kuch birinchi marotaba rasman partiya maqomiga ega bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, Adliya vazirligida vazir o‘rinbosari Akbar Toshqulov ishtirokida O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov va partiya faollari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda partiya Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisiga partiya davlat ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim qilindi.