O‘zbekiston Yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi 2018-yilda 407,5 trln so‘mni tashkil etdi va 2017-yilga nisbatan 5,1 foizga o‘sdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi.

Yil yakunlari bo‘yicha aholi jon boshiga YAIM 12,3 mln so‘mni tashkil etdi. Bu 2017-yilga nisbatan 3,3 foizga ko‘proq demakdir.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YAIM umumiy hajmining 88,8 foizini tashkil etdi va 5,1 foizga o‘sdi (YAIM mutloq o‘sishiga ta’siri 4,5 foiz punktni tashkil etdi).

Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 11,2 foizni tashkil etdi va 5,5 foiz darajasida o‘sish qayd etildi (YAIM mutloq o‘sishiga ta’siri 0,6 f.p.).


YAIM o‘sish sur’atiga sanoat tarmog‘i eng katta ta’sir ko‘rsatdi (2,1 f.p.) va o‘tgan yilga nisbatan 10,6 foizga o‘sdi. Sanoat tarmog‘idagi ijobiy dinamika tog‘- kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 28,2 foizga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 6,4 foizga va boshqa sanoat tarmoqlarining 4,7 foizga o‘sishi isobiga ta’minlandi.

2018-yilda YAIM deflyatori indeksi 2017-yildagi narxlarga nisbatan 128,1 foizni tashkil etdi. YAIM deflyatori indeksining eng yuqori ko‘rsatkichlari sanoat tarmog‘ida — 144,3 foiz va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida — 128,6 foiz qayd etildi.