Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi London (Buyuk Britaniya)da bo‘lib o‘tayotgan Jahon ta’lim forumida ishtirok etmoqda. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 21 yanvarida o‘z faoliyatini boshlagan mazkur forumda 95 mamlakatning rasmiy vakillari ishtirok etmoqda. Forum ishtirokchilari tomonidan uch kun davomida ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha yuzaga kelayotgan savol va muammolar muhokama etiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasidagi davlat organlari va kompaniyalar vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, M&C Saatchi, Britaniya Kengashi, Cambridge Assessment International Education, Ta’lim departamentining maktab standartlari bo‘yicha davlat vaziri, Buyuk Britaniya parlamentining a’zosi Nik Gibb va boshqa tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar olib boriladi.

Shu bilan birga Britaniyadagi ta’lim muassasalariga tashrif buyurish hamda Britaniya Kengashining «Ta’lim siyosati bo‘yicha muloqot: yoshlarimiz kelajakka qanday tayyorgarlik ko‘ryapti» mavzusidagi dasturda ishtirok etish rejaga kiritilgan.