O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Unda «Siemens», «Thyssenkrupp», «Volkswagen», «Knauf», «Claas», «MAN», «Deutsche Bahn», «Linde Group», «Falk Porcshe Technik», «Atlas International», «Tenova», «Giesecke & Devrient», «Papenburg», «Euler Hermes», «Deutsche Bank», «Commerzbank» kabi Yevropa va jahon bozorining yetakchi kompaniyalari, moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan qat’iy yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotning erkinlashtirilayotgani mamlakatimizning izchil rivojlanishi va aholi farovonligining yuksalishi uchun shart-sharoit yaratayotgani ta’kidlandi.


O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotgan alohida qayd etildi. Ularning faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznes rivoji yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli qisqartirildi.

Xorijiy investorlar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida, amalga oshirilayotgan islohotlarni maslahat va ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, dolzarb masalalar, jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini ushbu kengash faoliyatida faol ishtirok etishga taklif qildi.