O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar 21−25 yanvar kunlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomalarini qo‘lga kiritish uchun respublika bo‘ylab test sinovlarini topshirishmoqda. Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan olinadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

21 yanvar kuni Toshkent shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun Toshkent davlat agrar universiteti o‘quv binosida test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Bunda har bir askarning bir yil davomida to‘plagan bilimlari sinovdan o‘tdi. Test sinovlari natijalariga ko‘ra, yuqori ball to‘plagan, intellektual salohiyati, jangovar mahorati yuksak posbonlar imtiyozli tavsiyanomalarga sazovor bo‘ladi. Mazkur tavsiyanomaga ega bo‘lgan yigitlar respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda o‘zi to‘plagan ballarning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballni to‘plash imtiyoziga ega bo‘ladi.

Jami savollar soni — 100 ta. Fizika, matematika va mantiqiy savollarga to‘g‘ri javob topganligi uchun — 1 balldan, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdan — 1,1 va jangovar tayyorgarlikka oid savollarga javoblar uchun — 1,2 balldan qo‘shiladi. Testlarni yechish uchun 2,5 soat hamda javoblar varaqasini to‘ldirish uchun yarim soat, jami 3 soat vaqt ajratiladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan test sinovlarining haqqoniyligi va shafofligini ta’minlash va ushbu jarayonni kuzatib borish maqsadida katta hamda kichik auditoriyalar texnik kuzatuv va video-tasvirga olish vositalari bilan jihozlangan.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida"gi farmoyishiga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ushbu shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi belgilanadi.