O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida 155 dan ortiq zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari (shelterlar) tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident qarori asosida tashkil etilgan markazlarda xalqaro tajribalarga tayangan holda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga manzilli, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Markazlarda zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, zarurat bo‘lganda, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan. Shuningdek markaz faoliyati doirasida ayollarni u yoki bu kasbga tayyorlash bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Ana shunday og‘ir ahvolda qolgan ayollarga yordam berish maqsadida respublika doirasida yagona qisqa 1146 raqamli — «ishonch telefoni» ishga tushirildi. Aytish joizki, murojaatchi istagiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanishi kafolatlanadi.