Bugun, 23 yanvar kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun nomzod bo‘lib turgan serbiyalik murabbiy Lyubinko Drulovich bilan rasman shartnoma imzolash marosimi tashkil qilindi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, murabbiy Lyubinko Drulovich va uning yordamchilari, O‘FA mutasaddilari ishtirok etishdi.

«O‘zbekiston futboliga xush kelibsiz. Bizning asosiy maqsadimiz Tokio-2020 olimpiadasiga yo‘llanma olishdir. Bu yo‘lda terma jamoamiz uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Sizga murabbiylar shtabida o‘zbekistonlik mutaxassis Ravshan Haydarov yordam beradi. Chunki, u ushbu tarkibdagi futbolchilarni yaqindan biladi», — dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida serbiyalik murabbiy bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi va o‘z oldiga qo‘yilayotgan vazifani bajarish uchun astoydil mehnat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Avvalambor menga bildirilayotgan ishonch uchun o‘zim va yordamchilarim nomidan rahmat aytaman. Biz birgalikda harakat qilib, Tokio olimpiadasiga bora olamiz. Umid qilamanki, hamkorligimiz samarali bo‘ladi», — dedi Drulovich.

Shundan so‘ng tomonlar rasman shartnoma imzoladilar. Marosim yakunida murabbiy uchun esdalik libosi taqdim etildi.

Yangi murabbiy bilan kelishuv Tokio-2020 olimpiadasiga qadar amal qiladi.


Ma’lumot uchun:

Lyubinko Drulovich

Fuqaroligi: Serbiya

Tug‘ilgan sanasi: 11 Sentyabr 1968 (50 yosh)

Murabbiylik darajasi: UEFA «PRO» diplomi egasi (2007 yil)

Eng katta yutug‘i: Serbiya U-19 terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida g‘oliblikka erishgan.

Murabbiy sifatida erishgan yutuqlari:

1. Angola Superkubogi G‘olibi — «Agosto» FK 2010−2011

2. Yevropa U-19 Chempionati g‘olibi — Serbiya 2013

3. «Partizan» FK bilan Yevropa ligasi ishtirokchisi — 2015−2016

4. BAA U-19 bilan final qismiga yo‘l olgan — 2017 yil.

Shaxsiy yutuqlari:

Serbiyada yilning eng yaxshi murabbiyi — 2013 yil.