1 yanvarda sof oltin-valyuta zaxiralari hajmi 26,39 mlrd dollarni tashkil etdi. 2018 yilning dekabr oyida ular hajmi yil davomidagi eng yuqori o‘sishni qayd etib, 1,1 mlrd dollarga oshdi. O‘zbekiston Markaziy banki bu boradagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Dekabr yakunlari bo‘yicha yalpi oltin-valyuta zaxiralari 1 mlrd dollardan ziyodroqqa o‘sib, 27,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Undan xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi — 12,44 mlrd dollar (bir oy ichida +1,42 mlrd dollar), monetar oltin — 14,64 mlrd dollar (-326 mln dollar).

Yil davomida esa sof oltin-valyuta zaxiralari 173 mln dollarga, yalpi oltin-valyuta zaxiralari — 995 mln dollarga kamaygan. Markaziy bank buni oltin narxining 1296,50 dan 1281,65 doll/tr unsiyaga pasaygani bilan izohladi. Narxning oltin-valyuta zaxiralarining kamayishiga ta’siri -160,7 mln dollarni tashkil etdi.