O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotlar asosida, 2018 yilning 16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Tergov jarayonida amalga oshirilgan taftish natijasida noqonuniy xatti-xarakatlar to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Hususan, Nurxon Nafasovning federatsiya raisi lavozimiga tayinlangan kun — 2018 yil 16 maydan boshlab oktyabr oyigacha 125 million 557 ming so‘mlik pul mablag‘ini belgilangan tarzda (terma jamoa a’zolari, ularni musobaqalarga tayyorlash harajatlari) sarflash o‘rniga, ularni maqsadsiz va ortiqcha ishlatganligi, tovlamachilik va hujjatlarni qalbakilashtirishga yo‘l qo‘yilganligi, sportchilardan badal pullarini yig‘ib olib, federatsiya g‘aznasiga kirim qilinmaganligi aniqlandi. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bundan keyin ham sport federatsiya va assotsiatsiyalari faoliyatini jiddiy nazoratga oladi va u yerda aniqlangan noqonuniy harakatlar hamda turli qonunbuzarliklarga qarshi tegishli tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda kurashadi.