Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 19 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilingan tabib, xalq orasida «Hasan domla», «tabibi mutlaq» nomlari bilan mashhur bo‘lgan Hasan Ismoilovning faoliyatini o‘rganish harakatlari olib borildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqaro Hasan Ismoilov Shahrixon shahar «Navro‘z» MFY, Hurriyat ko‘chasida tabiblik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Uning xonadoniga kuniga 300−400 nafar fuqarolar, asosan Shahrixon tumani, qo‘shni tuman-shaharlar, viloyatlar va hatto qo‘shni respublikalarda yashovchi fuqarolar kelib ketgan. Tashrif buyurayotgan fuqarolarning aksariyatini yurak-qon tomir, endokrin tizimi va boshqa og‘ir kasalliklar bo‘yicha murojaat qilayotganlar tashkil qilgan.

Xalq tabobati sohasidagi qonunchilikda belgilangan talablar, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomi va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarlik belgilanganganligi to‘g‘risida Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 28.11.2018 yilda Hasan Ismoilovga tushuntirish berish bilan birga, litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullangan taqdirida javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilgan.

Lekin, Hasan Ismoilov ogohlantirilishiga qaramasdan o‘zining noqonuniy faoliyatini davom ettirib kelganligi bois, Shahrixon tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan unga nisbatan 13.12.2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 165-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Shahrixon tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.

Shahrixon tuman ma’muriy sudining 24.12.2018 yildagi qaroriga ko‘ra, Hasan Ismoilovga nisbatan eng kam oylik ish haqining 5 barobari, ya’ni 1013 650 so‘m jarima jazosi tayinlagan.

Keyingi tekshiruv davomida X.I hozirgacha tabiblik faoliyati uchun litsenziya olmaganligi aniqlangan bo‘lib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan Hasan Ismoilov kelgusida litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullangan taqdirida jinoiy javobgarlikka tortilishi xaqida rasmiy ogohlantirilib, Shahrixon tuman IIB va Shahrixon tuman DSI tomonidan ko‘rilgan tashkiliy chora-tadbirlar natijasida Hasan Ismoilovning noqonuniy faoliyati tugatildi.