Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan «Farg‘ona markazidagi eski uylar egalari ko‘chmay turib buzilmoqda» nomli maqola yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, Farg‘ona shahar hokimining 2019 yil 8 yanvardagi qaroriga asosan Farg‘ona shahar, A.Navoiy, S.Temur va Farobiy ko‘chalari kesishmasida joylashgan 2 qavatli ma’nan eskirgan ayrim turar va noturar bino-inshootlarni buzish, shuningdek buzilishdan bo‘shagan yer maydonlarini shahar yer zaxira fondiga qaytarish belgilangan.

Unga ko‘ra, A.Navoiy shoh ko‘chasidagi 1946−1947 yillarda qurilgan
30, 32, 32A, 34, 36, 38, 38A, 40-sonli, Farobiy ko‘chasidagi 3, 5-sonli, S.Temur ko‘chasidagi 34, 36-sonli 2 qavatli jami 12 ta uy Farg‘ona viloyat qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi, Farg‘ona shahar yong‘in xavfsizligi bo‘limi, Farg‘ona shahar DSENM va boshqa tegishli tashkilotlarning ushbu uylarda yashash belgilangan talablarga javob bermasligi haqida xulosalari olingan holda buzilishga tushgan.

Mazkur uylarda jami 120 ta xonadon mavjud bo‘lib, birinchi bosqichda 8 ta uydagi 72 ta xonadon Farg‘ona shahar Registon ko‘chasidagi teng qiymatdagi 72 ta belgilangan talablarga javob beradigan yangi, sifatli xonadonlarga ko‘chirilmoqda.

Ko‘chirilgan yangi uylarda alohida isitish tizimi, elektr, gaz va suv ta’minoti mavjud. Yangi uylar pishiq g‘ishtdan qurilgan, xonalar taxtapol bilan qoplangan. 2019 yil 21 yanvar holatiga 43 ta xonadon egasi yangi ko‘chirilgan uylarda yashamoqda. Ko‘chirilgan yangi uylar buzilishga tushgan eski uylarga nisbatan kengroq maydondagi, ya’ni 2 xonali 53 kv metr bo‘lgan eski uy o‘rniga yangi 3 xonali 70 kv metr bo‘lgan uylar ajratib berilmoqda. Yangi berilgan uylarning yashash maydoni katta bo‘lganligi bois kompensatsiya to‘lovlari mavjud emas.

Registon ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar Farg‘ona shahrining halqa yo‘lida joylashgan bo‘lib, shahar markazidan 5−6 km uzoqlikda joylashgan (shaharning eng chekka hududi markazdan 15−17 km uzoqlikda joylashgan), uy yonidagi yo‘ldan 6 yo‘nalishdagi avtobus qatnaydi, uydan 0,2−0,7 km uzoqlikda 40-sonli umumta’lim maktabi va 62-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda sanoat kolleji joylashgan (XTB va MTMga ko‘chirilgan aholi farzandlarini xatlovdan o‘tkazib, yangi hududdagi yaqin muassasalarga joylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi).

Yangi ko‘p qavatli uylarning 1-qavatida 3 ta savdo do‘koni mavjud bo‘lib, barcha oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, hududda maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konlari ham mavjud.

Bundan tashqari, maqolada ko‘rsatilgan buzilayotgan uylar o‘rni 100 million AQSH dollari investitsiya kiritayotgan koreyalik investorga berilayotganligi holati yuzasidan bugungi kun holatiga rasmiy ma’lumot mavjud emas.

Uyi buzilishga tushgan fuqarolarni ko‘chirish ishlari qonuniy olib borilayotganligini o‘rganish uchun tegishli mutaxassislar jalb qildi, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Shuningdek, Fergana Agency manzilida rus tilida chop etilgan «Farg‘ona shahridagi ko‘chirish ishlarining birinchi qurboni» nomli maqolada Aristov Vitor vafot etganligi qayd etilgan.

Vafot etgan fuqaro Aristov Viktor Aleksandrovich bo‘lib, 2019 yil 18 yanvarda sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli RSHTTYOIMFFga yotqizilib, unga bosh miya kon aylanishini o‘tkir buzilishi tashxisi qo‘yilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2019 yil 19 yanvarda vafot etganligi ma’lum bo‘ldi.

2014 yil 19 seniyabrdagi JIB Farg‘ona shahar sudining hukmida, V.Aristov so‘roq qilinganida ham u yurak kasalligiga chalinganligi haqida gapirganligi qayd etilgan.

Potologoanotomik tekshiruv xulosasida uning o‘limiga bosh miya qon aylanishini o‘tkir buzilishi sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Fuqaro V.Aristov vafot etguniga qadar Farg‘ona shahar A.Navoiy ko‘chasi 32-uy 7-xonadonda yashagan. Mazkur xonadon ham shahar hokimining yuqoridagi qaroriga asosan buzilishga tushgan. Uy egalari ko‘chirilishi haqida rasmiy ogohlantirilgan.

Hokimlik tomonidan u yashayotgan 3 zonali 68,6 kv metr xonadon o‘rniga Registon ko‘chasidagi 3 xonali 70 kv metr bo‘lgan xonadon ajratilgan. Uyning maydoni va qiymati teng miqdorda bo‘lganligi sababli kompensatsiya to‘lovi nazarda tutilmagan. Ushbu oilani ko‘chirish ishlari yakuniga yetmagan.