Davlat xizmatlari agentligi mahallalar, turli davlat organlari fuqarolar hukumat qarori bilan taqdim etilishi bekor qilingan yoki idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab olinishi belgilangan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborish holatlari uchrayotgani haqida xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, hukumatning tegishli qaroriga muvofiq 2018 yil 15 oktyabrdan turli davlat organlarining davlat xizmatlarini ko‘rsatishda mahalladan yashash joyidan ma’lumotnomasi, ishsizlik, bola, yolg‘iz shaxslar, pensioner va nogironlarni parvarish qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek tavsifnomani talab qilishi bekor qilingan.

Shuningdek, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi jarayonida ushbu turdagi hujjatlarni olish zaruriyati tug‘ilganda, Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab olinishi belgilangan.

Ammo, bugungi kunda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari (mahallalar) va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi qator vakolatli davlat organlari fuqarolarni yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborish holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning ovoragarchiligi va noroziligiga, shu bilan birga davlat organlariga nisbatan salbiy qarashiga sabab bo‘lmoqda, deya qayd etdi DXA.

Bu kabi davlat organlari qatorida tuman hokimliklari, Ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limlari, tuman Davlat soliq inspeksiyalari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim bo‘limlari, xalq ta’limi bo‘limlari, banklar va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tilga olingan.

Shu bois, DXA DXMlari «mahalladan ma’lumotnoma» bermasligini rasman e’lon qildi. DXMlar orqali avvallari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-ma’lumot axborotlari beriladi. Mazkur hujjat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomadan tubdan farqlanadi.

«Agar davlat idoralari Sizdan yashash joyidan ma’lumotnomani taqdim etishni talab etishsa, Davlat xizmatlari agentligining 1148 hamda Adliya vazirligining 1008 ishonch raqamlariga murojaat etishingizni iltimos qilamiz», — deyiladi xabarda.