Umumrespublika protsessing markazi mijozlarini Uzcard brendi ishlatilgan kiberfiribgarlik haqida ogohlantirdi.

«Noma’lum shaxslar tomonidan uzcard.uz rasmiy saytimizning interfeysi nusxalanib, Uzcard to‘lov tizimi nomidan WEBSUM bilan hamkorlikda aksiya tashkil etilgani ro‘yxatga olindi», — deyiladi bayonotda.

Reklamada taqdim etilgan ma’lumotga binoan, ushbu tadbirda qatnashgan ishtirokchilar o‘z karta raqamlarini kiritib, pul miqdori o‘tkazish evaziga ushbu yuborilgan mablag‘dan ma’lum miqdorda foizlarga ega bo‘lishi nazarda tutilgan.

«Ushbu aksiya Uzcard banklararo to‘lov tizimi tomonidan tashkillashtirilmagan. Hozirda kompaniyamiz tomonidan ushbu qalloblik hodisasi yuzasidan tergov ishlari boshlangan bo‘lib, yaqin kunlarda uning natijalari borasida sizlarni xabardor etamiz», — deya xabar qildi kompaniya.

Uzcard.org, uzcard.com, uzcard.info domenlari Uzcard brendiga hech qanday aloqasi yo‘q va norasmiy hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Kompaniya o‘z mijozlarini ogohlikka va noma’lum manbalarga ishonmaslikka chaqirdi. Kompaniyaga tegishli muhim xabar, eng so‘nggi yangilik va aksiyalar haqida Uzcard.uz rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.