Zimbabve hukumati 15 yanvar kuni yoqili narxlari oshgani sababli o‘tkazilayotgan namoyishlar manzarasida internetga kirishga cheklovlar o‘rnatdi, deya xabar qildi Quartz Africa nashri.

Dastlab hukumat Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlar va WhatsApp messenjerini blokladi, so‘ngra internetga ulanishni mutlaqo cheklab qo‘ydi.

Hafta oxirida internetga ulanish imkoniyati taqdim etildi, deb yozadi BBC, biroq ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan to‘siq olib tashlanmagan. Foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun ma’lumotlarni yuqori darajada shifrlab o‘tkazuvchi virtual xususiy tarmoqlarni (VPN) qo‘llashni boshladi.

Namoyishlar mamlakat prezidenti Emmerson Mnangagvaning narxlarni ikki barobar oshirish rejasini ma’lum qilganidan so‘ng boshlandi. Bir litr benzin narxi 1,24 dan 3,31 dollarga, dizel yoqilg‘isi esa 1,35 dan 3,11 dollarga o‘sdi.

Namoyishchilar avtomobil shinalarini yoqib, yo‘llarda barrikadalar qurdi, besh kishi halok bo‘ldi, 200 nafardan ziyod kishi hibsga olingan.

2018 yil sentyabridan O‘zbekistonda ham Facebook, VK, Youtube`ga ulanishda muammolar yuzaga kelmoqda. Sabablar haligacha noma’lum (rasmiylar telekommunikatsiya uskunalarining yangilangani va ICANN nom va domenlar bo‘yicha internet-korporatsiyasi kriptografik kalitlari almashgani haqida ma’lum qildi).

Oradan to‘rt oy o‘tib, 15 yanvar kuni mazkur xizmatlar ochildi, biroq bir necha soat o‘tib yana kirish imkonsiz bo‘lib qoldi.

Davlat organlari, hukumat a’zolari esa Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yangiliklar va bayonotlarni e’lon qilishda davom etmoqda.