Joriy yilning 18 yanvar kuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati tomonidan nodavlat ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirning ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda davlat ta’lim muassasalari bilan bir qatorda nodavlat ta’lim muassasalarining rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, xususiy maktablar o‘z-o‘zidan rivojlanmasligi, asosiy maqsad mazkur o‘quv maskanlarida ta’lim sifatini yaxshilash ekanligi borasida fikr bildirdi. Qolaversa, mazkur tadbir O‘zbekistonda nodavlat ta’lim muassasalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash uchun tashkil etilganini alohida ta’kidladi.

Statistik ma’lumotlar 2016 yilda O‘zbekistonda 24 ta nodavlat ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib ularning soni 84 tadan oshganidan darak bermoqda.

Ayni paytda nodavlat ta’lim muassasalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar uchramoqda. Jumladan, xususiy maktablar darsliklar va litsenziyalar olishda hamda kam ta’minlangan oila farzandlari uchun ta’limni tashkil etishda soliqqa tortish masalalari bo‘yicha qiyinchilikka duch kelmoqda.

Tadbir doirasida ta’lim jarayoniga zamonaviy usullarni joriy etish hamda o‘quv dasturlarini tasdiqlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga nodavlat ta’lim muassasalari Respublika ta’lim markazi bilan birgalikda xorij davlatlarining zamonaviy usullari hamda tajribasi asosida o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishi mumkinligi ta’kidlandi.

Uchrashuv so‘ngida XTV tomonidan nodavlat ta’lim muassasalari vakillarini mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar tayyorlash va ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi nodavlat ta’lim muassasalarini ochish va ularga o‘z loyihalarini amalga oshirishda ko‘mak beruvchi sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.