Surgut-Moskva reysi samolyotini qo‘lga olishga uringan yo‘lovchi ushlandi, deya xabar qildi RIA Novosti Rossiya Tergov qo‘mitasiga tayanib.

«U muqaddam surgutlik fuqaroning mulkiga zarar yetkazgani uchun sudlangan ekan», — deya qayd etdi qo‘mita.

Yo‘lovchilar va ekipajdan hech kim jabrlanmadi. Yo‘lovchiga nisbatan «Zo‘ravonlikni qo‘llagan holda havo kemasini olib qochish» moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. U 7 dan 12 yilgacha muddatga qamalishi mumkin.

Surgut-Moskva reysi yo‘lovchisi mast holatda quroli borligini aytib, uchuvchilar kabinasiga kirishga urinadi va yo‘nalishni, qator OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston tomonga burishni talab qiladi. Ekipaj yo‘lovchini havo kemasiga qo‘shimcha yoqilg‘i quydirib olishga ko‘ndiradi va Xanti-Mansiyskka qo‘ndirishga rozi qiladi.

Rossiya Milliy antiterror qo‘mitasi ekipaj komandiri samolyotni yaqin aeroportga qo‘ndirib, yagona to‘g‘ri qaror qabul qilganini ta’kidladi.

Tergov qo‘mitasi xodimlari aeroportga yetib keldi va havo bandargohi hududi qurshab olinib, odamlar evakuatsiya qilindi. Jinoyatchi yana bir muddat samolyot salonida qoladi, biroq tez orada qo‘lga olinadi.

Hodisadan so‘ng «Aeroflot» yo‘lovchilardan bortga chiqishda xavfsizlik choralariga rioya qilinishi ustidan nazorat kuchaytirilganini to‘g‘ri tushunishni so‘radi.

Avikompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa «Aeroflot» faoliyatiga ta’sir qilmagan, barcha reyslar jadval bo‘yicha amalga oshirilmoqda.