Xitoy tergovchilari olim Xe Szyankuy tadqiqoti natijasida DNKsi o‘zgartirilgan bolalar dunyoga kelganini rasman tasdiqladi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Dastlabki tergov uning bir qator Xitoy qonunlarini buzgan holda genetik modifikatsiyalangan bolalarning tug‘ilishiga xizmat qilganini aniqladi.

Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, olim taqiqlangan qonunlar va xavfsiz bo‘lmagan texnologiyalardan foydalangan holda qayta ishlab chiqarish maqsadida inson embrionlari genlarini tahrir qilish uchun loyiha guruhini tashkil etgan.

Tadqiqot natijasida onalardan biri egizak qizlarni dunyoga keltirgan. Ularga Lulu va Nana deya ism qo‘yilgan. Yana bir ayol esa tahrirlangan DNKga ega bolaga homilador. Hozirda ular shifokorlar nazorati ostida.

Gonkong universitetida inson genomini tahrirlash bo‘yicha sammitda so‘zga chiqar ekan, professor Szyankuy egizak qizlarning sog‘lom dunyoga kelganini ma’lum qilgan, deya yozadi BBC.

Xe Szyankuy embrionlar genomini modifikatsiya qilish bo‘yicha tajribada sakkiz juftlik ishtirok etgani, otalar OIV-musbat, onalar esa OIV-manfiy natijaga ega ekanligi va bir juftlik esa tadqiqotni tark etganini ma’lum qildi.

Tajriba doirasida DNK iplariga o‘zgartirish kiritish uchun «molekulyar qaychilar» yordamida keraksiz uchastkalar olib tashlanadi yoki boshqalari bilan almashtiriladi.

Nazariy jihatdan bu texnologiya embrionlar DNK genlarini olib tashlash yoki o‘zgartirish orqali irsiy kasalliklarga barham berishga yordam berishi mumkin. Bir qator mutaxassislar bu kabi tajribalar kelgusi avlodlarga zarar yetkazadi, degan taxminda. Ko‘plab mamlakatlarda embrionlarni genetik manipulyatsiya qilish qonun yo‘li bilan taqiqlangan.