4−6-fevral kunlari O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboyeva va mehnat munosabatlari va bandlik vaziri Sherzod Qudbiyev tarkibidagi hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan AQSHda bo‘ladi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Majburiy mehnatga barham berish masalalariga mas’ul hukumat vakillari Vashington shahrida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining yillik yig‘ilishida ishtirok etadi. Cotton Campaign tashkiloti tarkibiga mehnat va huquqni himoya qiluvchi nohukumat tashkilotlari, paxta yetishtirishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham beradigan ishbilarmon va investitsion kompaniyalar kiradi.

Tashrifdan asosiy maqsad — AQSHning yirik brendlari tomonidan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan boykotni bekor qilishga qaratilgan aloqalar mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.

Tashrif dasturidan huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, AQSH ishlab chiqaruvchilar yirik birlashmalari, riteylorlar va kasaba uyushmalari tashkilotlari, Amerika kiyim va oyoq kiyimi assotsiatsiyasi, AQSH moda sanoati assotsiatsiyasi, Amerika mehnat federatsiyasi, Sanoat tashkilotlari kongressi va boshqalar, Nike, Zara, GAP, Levi’s, H&M, UNIQLO kabi yetakchi chet el berendlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, hukumat delegatsiyasi Oq uy, Davlat departamenti, Mehnat vazirligi, AQSH savdo vakili ofisi va boshqa xalqaro moliya institutlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi.