Andijon davlat universitetida Yevropa Ittifoqi «Erasmus+» dasturining «RENES: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof — muhit» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar dasturini rivojlantirish" mavzusidagi qo‘shma loyihasi (RENES) doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasi ochildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Laboratoriyaga Germaniya, Italiya, Ispaniya va boshqa rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan 42,7 ming yevrolik 30 turdagi laboratoriya jihozlari o‘rnatildi. Loyiha bosh koordinatori etib Akuila universiteti (Italiya) professori Anna Totssi hamda milliy koordinator sifatida universitet professori Rayimjon Aliyev tayinlandi.

Laboratoriya Yevropaning 600 dan ortiq nufuzli universitetlari onlayn tarzda ulangan Oksford universiteti Rezerford laboratoriyasi mikroelektronika va nanoelektronika qo‘llab-quvvatlash markazining europractic tizimiga onlayn ulangan. Andijon davlat universiteti Urganch davlat universitetidan so‘ng O‘zbekistonda mazkur tizimga ulangan ikkinchi oliy ta’lim muassasasidir.

Loyiha doirasida universitetda 2018−2019 o‘quv yilidan boshlab «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Magistrantlar uchun Yevropa standartlari asosida «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit» mutaxassisligi bo‘yicha 12 ta o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasining ochilish tadbirida Sankt-Peterburg politexnika universiteti, O‘sh davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari hamda mahalliy olimlar, talabalar ishtirok etdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi «Erasmus+» dasturi hamkorligidagi ushbu loyiga doirasida kelgusida Guliston va Qarshi davlat universitetlari, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida ham shunday laboratoriyalarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.