19 yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida Toshkentdagi Inxa Universiteti bilan hamkorlikda Startup Mix #40 konferensiyasining birinchi kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Tadbirda C.A.T. Science Accelerator ilmiy akseleratorining 18 ta startapi uchun Speed Mentoring sessiyasi o‘tkazildi. Usmon Rahimjonov («Startap tashabbuslari» loyiha koordinatori), Botir Arifjanov (Paynet asoschisi), Muzaffar A’zamov (O‘zbekiston elektron tijorat assotsiatsiya raisi, mato.uz internet-do‘kon asoschisi), Aziz Rahimov (IT ekspert), Vyacheslav Kan (Torg.uz asoschisi), Yevgeniy Sklyarevskiy (bloger) singari malakali mutaxassislar biznes-modellar, loyihada hal etilayotgan muammolarning muhimligi, shuningdek jamoalar faoliyatining boshqa jabhalari bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu loyihalarning birinchi oylardagi faoliyatining tanqidiy tahlili bo‘lib, ekspertlar startapchilarga investorlar oldida o‘z loyihasini namoyish etishlari uchun qimmatli maslahatlar berdi.


Konferensiyaning Curiosity Machine AI Family Challenge sessiyasida sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro oilaviy tanlovda ishtirok etuvchi loyihalar namoyish etildi. 10−15 yoshdagi bolalar hamda ularning ota-onalaridan iborat jamoalar sun’iy intellekt, mexanika va robototexnika asoslari bo‘yicha 9-oylik kursni o‘taganlik natijalariga ko‘ra o‘z loyihalarini taqdim etdilar. Har bir jamoa loyihasi ijtimoiy nuqtai nazardan muhim bo‘lgan biror muammoni sun’iy intellekt yordamida timsoliy ravishda hal qiladi. Bu xalqaro tanlov bo‘lgani uchun eng yaxshi loyihalar ham xorijiy komissiya tomonidan aniqlanadi va ular AQSHga taklif etiladi.


Qozog‘istonlik mutaxassis Dina Mukasheva Storrytelling bo‘yicha sessiya mahorat darsini o‘tkazib, video, taqdimot va reklamada hikoya qilish usullarini o‘rgatdi. Ayni paytda Curiosity Maker Space & Maker Space Almaty (Qozog‘iston) jamoasidan interfaol mahorat darslari o‘tkazildi, unda 14 yoshdan katta o‘smirlar avtomatik tizimlar va robototexnika bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan Arduino uskunaviy-dasturiy vositasi yordamida platalar va elektronika bilan ishladilar va o‘z original belgilarini yaratdilar.


Konferensiyaning so‘nggi sessiyasida Technovation Challenge — qizlar uchun eng yirik xalqaro texnologik tanlov haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlash joizki, mazkur tanlov O‘zbekistonda 3 yildan beri o‘tkazilmoqda. Technovation Uzbekistan 2019 sessiyasi doirasida tashkilotchi va hamkorlar o‘z tabrik nutqlari bilan chiqdilar, tanlovda ishtirok etish shartlari taqdim etildi va jamoalarni shakllantirish bo‘yicha ishtirokchi va mentorlar (murabbiylar) uchun interfaol sessiya o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: C.A.T. Science Accelerator Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan StartupFactory kompaniyasi (bunga qadar IT loyihalar ustida ishlagan) va Green Business Innovation (yashil texnologiyalar va muqobil energiya manbalar sohasida faoliyat yuritgan konsalting kompaniyasi) bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, akselerator yosh olimlar va jamoalarga o‘z tajribalari uchun ilmiy maydon vazifasini o‘taydi, mutaxassislar ko‘magi va qo‘llab quvvatlovini taqdim etish bilan birga, loyihaning minimal ishchi talqinini ishga tushirishga ham yordam beradi.