Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari qo‘shimcha pulli xizmatlarni ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin buyrug‘i bilan pulli xizmatlarni ko‘rsatish tartiblari tasdiqlandi.

Buyruqqa ko‘ra O‘zbekiston davlat MTMlari quyidagi qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatishlari mumkin: MTMlarda ish kuni tugagandan keyin va yakshanba kunlari bolalar parvarishi, ularga qarash va o‘qitish, MTMlarning o‘quv dasturlaridan tashqari sport sog‘lomlashtirish to‘garaklari (karate, taekvando, suzish, shaxmat-shashka, gimnastika va h.k), badiiy estetik to‘garaklar (xor, raqs, tasviriy san’at va h.k), fan to‘garaklarini (chet tillari, matematika, mantiq, mental arifmetika, informatika va h.k) tashkil etish.

«Ishlovchi ota -onalar farzandlarini kechqurun uyga olib ketishga kechikayotganligi tufayli ular tomonidan MTMlar ishini uzaytirish bo‘yicha takliflar bo‘ldi. Ammo tarbiyachilarni soat 18:00dan keyin ishda olib qolish mehnat qonunchiligi normalarining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Pullik xizmatlarning joriy etilishi, bu — nafaqat MTM ish jadvalini ota-onalar uchun qulay qilish, balki xodimlarga ortiqcha ish uchun haq to‘lash va qo‘shimcha mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi», — deydi vazirlikning moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Pardayev.

Xizmat turlari va narxlar MTM kuzatuv kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda mudira va MT hududiy bo‘limi tomonidan tasdiqlanadi.

Qo‘shimcha xizmatlar guruhiga qabul ota-onalarning arizalari asosida amalga oshiriladi. Ushbu guruhlarda bolalar soni 25tadan oshmasligi lozim. Xizmatlar ota -onalar xohishiga ko‘ra ulardan biri va MTM o‘rtasidagi shartnoma asosida taqdim etiladi.

Qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishnijalb etilgan mutaxassislar yoki MTM xodimlari ishdan tashqari faoliyat haqidagi kelishuv asosida amalga oshiradilar.Ammo keyingi xodimlar faoliyati o‘quv dasturiga xalaqit bermasligi kerak.

Bunday faoliyatdan olingan mablag‘larning 80 foizi MTM moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda MTM xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.