Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogining 1/8 finali doirasida Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Kecha ushbu o‘yin oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda terma jamoa ustozi Ektor Kuper va futbolchi Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab, murabbiy Ektor Kuper Avstraliyaga qarshi o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi:

— Avstraliyaga qarshi o‘yin juda muhim ekanini his qilib turibmiz. Xato qilishga haqqimiz yo‘q. Maydonga faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Avstraliya kuchli jamoa, Osiyo grandi. O‘tgan 3 kun vaqt davomida xatolarimizni ko‘rib chiqdik, kamchiliklar ustida ishladik. Ertaga faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz.

Jaloliddin Masharipovning fikrlari esa quyidagicha bo‘ldi:

— Birinchi o‘yinda hayajon bor edi. Ammo Turkmanistonga qarshi o‘yinda o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik. Murabbiyning barcha ko‘rsatmalarini bajardik. Bu bahs o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirib yubordi. Yaponiyaga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak ham, yaxshi o‘ynadik. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat bizni tushkunlikka tushirmaydi. Hammaning kayfiyati yaxshi. Ertaga g‘alaba uchun o‘ynaymiz.

Shundan so‘ng murabbiy va futbolchi OAV xodimlari savollariga javob qaytardi.

Ektor Kuper: Barcha jamoalarning o‘z o‘yin uslubi bor. Biz ham o‘z o‘yin uslubimizga ega bo‘lishga harakat qilyapmiz. O‘yin falsafasi degan so‘zni ishlatishni istamagan bo‘lardik. Bu umumiy tushuncha. Albatta, biz Avstraliyaga qarshi o‘yin oldidan ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirishimiz mumkin. Birinchi navbatda, ehtiyotkorlikka ahamiyat qaratamiz. Shu bilan birga o‘z uslubimizni namoyish qilishga ham intilamiz. Butunlay uslubimizdan voz kechish niyatimiz yo‘q. Bu noto‘g‘ri bo‘lardi.

Biz Osiyo Kubogiga musobaqani yutish uchun kelganmiz. Faqat ayrim jamoalarni emas. To‘g‘ri, Yaponiyaga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik. Ammo biz musobaqadagi ishtirokimizni davom ettiryapmiz. Barcha futbolchilarning e’tibori Avstraliyaga qarshi o‘yinga qaratilgan. Bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz

Avstraliya bilan bir mehmonxonada yashayotganimizda hech qanaqa muammo ko‘rmayapman. Biz bir-birimiz bilan do‘stona muloqotdamiz. Bir birimizga hurmat saqlaymiz. Mehmonxonada hech qanday ziddiyatlar yuzaga kelmayapti, kelmaydi ham. Biz barchamiz professionallarmiz. Maydonda raqibmiz, maydon tashqarisida do‘stmiz.

Jaloliddin Masharipov: Avstraliyani nimalar evaziga mag‘lubiyatga uchratishimiz mumkin? Bu haqida hozir bu yerda gapirishning o‘rni emas. Biz raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rgandik. Murabbiyimizda aniq reja bor. Shu rejaga amal qilishga intilamiz.

2011 yilda Qatarda Avstraliyadan yirik hisobda mag‘lub bo‘lganmiz. Ertangi o‘yinda ana o‘sha mag‘lubiyat alamini olmoqchimiz. Bu bizga qo‘shimcha motivatsiya beradi. Ertaga yigitlar bilan maydonga tushib, revansh olishga harakat qilamiz.

Ektor Kuper: Yaponiyaga qarshi o‘yinda Masharipov fint ishlatgan paytda unga e’tiroz bildirganim yo‘q. Men bunga normal qarayman. Futbolchilarga erkin o‘ynashga imkoniyat beraman. Ammo o‘yin paytida bo‘shashish kerak emas. Diqqat-e’tiborni jamlab, konsentratsiyani saqlab harakat qilish kerak. Futbolchilardan faqat shuni talab qilaman.

Avstraliyaning barcha o‘yinlarini o‘rganib chiqdik. Ular tartibli jamoa, jismoniy jihatdan kuchli. Individual mahoratli futbolchilari ko‘p. Osiyoning kuchli futbolchilaridan biri. Shunga qaramay, biz bor imkoniyatlarni ishga solib, ularni mag‘lubiyatga uchratishga harakat qilamiz.