Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi-2019 1/8 finalida penaltilar seriyasida Avstraliyadan mag‘lubiyatga uchradi. Dushanba kuni Al-Ayn amirligidagi shayx Xalifa xalqaro stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:2 (0:0) hisobida yakunlandi.Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper boshlang‘ich tarkibga to‘rtta o‘zgartish kiritdi. Himoyachilar Farruh Sayfiyev va Yegor Krimets o‘rniga birinchi daqiqadan maydonga Oleg Zoteyev va Anzur Ismoilov, yarim himoyachilar Ikrom Aliboyev va Fozil Musayev o‘rniga esa Jaloliddin Masharipov va Odil Ahmedov tushdi.

Birinchi taymda O‘zbekiston futbolchilari faolroq va o‘tkirroq o‘yin ko‘rsatdi. To‘pga egalik bo‘yicha qariyb teng natija qayd etilgan bo‘lsa ham, Ektor Kuper shogirdlari raqib darvozasiga besh marotaba zarba yo‘lladi.

Hujumchi Eldor Shomurodov bosh bilan gol kiritish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi, biroq u darvozabon Metyu Rayan orqali to‘pni oshira olmadi.

Ikkinchi taymda Avstraliya bosimni oshirdi va Ignatiy Nesterov darvozasi oldida bir necha qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Biroq zarbalar golga aylanmadi.

Qolgan vaqtda jamoalar hisobni ocholmadi va qo‘shimcha taymlar belgilandi. Birinchi 15 daqiqada Ignatiy Nesterov bir nechta ajoyib seyvlarni amalga oshirdi.

Penaltilar seriyasida hisob 4:2 ko‘rinishini oldi va Avstraliya g‘alaba qozondi.

Chorak finalda Avstraliya BAA — Qirg‘iziston o‘yini g‘olibi bilan o‘ynaydi.

Boshlang‘ich tarkiblar

O‘zbekiston (4−3−2−1): Ignatiy Nesterov — Oleg Zoteyev, Anzur Ismoilov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Davron Xoshimov — Javohir Siddiqov, Odil Ahmedov, Otabek Shukurov — Jaloliddin Masharipov, Dostonbek Hamdamov — Eldor Shomurodov.

Avstraliya (4−3−3): Metyu Rayan — Aziz Bexich, Trent Seynsberi, Milosh Degenek, Rayan Grant — Jekson Irvin, Tom Rogich, Mark Milligan — Kris Oikonomidis, Jeymi Maklaren, Aver Mabil.