21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida «Aurum 898» tungi klubida sportchi Jamshid Kenjayevning o‘ldirilishi to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

Ish bo‘yicha raislik qiluvchi S. Karimov sud majlisini ochdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Shodali Qilichov (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan), O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Saidazim Kamoldinov (1994 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan), Alijon Xamrayev (1982 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan) va Jahongir Yorqulov (1992 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoiy ish ko‘rilayotganligini e’lon qildi.

Sud tomonidan sud jarayoni ishtirokchilarining hozir bo‘lgani tekshirildi, sud tarkibi, tomonlar e’lon qilindi, rad qilish huquqi tushuntirildi, sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlandi, ish bo‘yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Sud majlisining tayyorgarlik qismi iltimosnomalar bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani aniqlash bilan yakunlandi. So‘ngra rais tomonidan sud tergovi boshlanganligi e’lon qilindi.
Davlat ayblovchisi ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, jabrlanuvchi, guvohlar va ekspertlarning ko‘rsatmalari tinglanadi, shuningdek, ushbu ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar tekshiriladi.
Sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi.

Sud jarayoni davom etmoqda. Sudning keyingi majlisi 23 yanvar soat 11.00 da bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 8 avgust kuni «Aurum 898» tungi klubida 25 yoshli Jamshid Kenjayev va muassasa qo‘riqchilari o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Jamshid Kenjayev oshxona pichog‘i bilan muassasaga kirishga harakat qilgan. Binoga kirishga rad javobini olgach, Sherali Ilyosov va Abdurasul Mirzayevga pichoq sanchgan.

Janjal vaqtida Shodali Qilichov Kenjayevdan pichoqni tortib olib, unga bir necha marta pichoq sanchadi. Qo‘riqchilar Jahongir Yorqulov, Saidazim Kamoldinov va Alijon Hamroyev qo‘llari, oyoqlari va yog‘oq to‘qmoqlar bilan Kenjayevni kaltaklaydi. Sportchi 7-shahar klinik shifoxonasida tez tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan vafot etadi.