Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekicton hukumati delegatsiyasi tarkibida Hindistonning Gandinagare shahrida bo‘lib o‘tgan «Jo‘shqin Gujarat» 9-xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Muzokaralar natijasida innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xodjayev, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda Gujarant shtatining davlat korporatsiyasi Gujarat Agro Industries Corporation Ltd. rahbari K.S. Randxava agro-klaster tashkil etishga kelishdi. Hindistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsion texnologiyalari, ilg‘or agrotexnik tadbirlarini yurtimizda joriy qilish, tajriba o‘rtoqlashish maqsadidahamkorlik rishtalari bog‘landi.

Agro klaster kishloq xo‘jaligi ekinlari va baliqchilik mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash, yetkazib berish, ularning marketingi bilan shug‘ullanishni amalga oshiradi. Agra-klaster Andijon viloyatida 15−20 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida barpo etilib, keyinchalik respublikamizning boshqa viloyatlariga ham keng tatbiq etilishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Gujarat paxta, yeryong‘oq, tamaki va shakarqamish yetishtirish bo‘yicha Hindistonda yetakchilik qiladi, shuningdek shtatda bug‘doy, turli dukkakli o‘simliklar, makkajo‘xori plantatsiyalari mavjud. Bundan tashqari Gujarat sut va saryog‘, go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar ishlab chiqarishda ilg‘orligi bilan ajralib turadi.

19 yanvar kuni esa Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Haydarobodning Genom vodiysida faoliyat yuritadigan «Bharat Biotech International» kompaniyasi rahbari Venkatraman Sivaramakrishnan bilan O‘zbekistonga vaksinalar ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish hamda mamlakatda yuqori sifatli va arzon vaksinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik qilishga kelishdi.

Hamkorlikning birinchi bosqichida kompaniya rotovirusli diareyaning profilaktikasi uchun qo‘llaniladigan vaksinani hozirda O‘zbekiston xarid qilayotgan narxdan 50 foiz arzonga yetkazib beradi. So‘ngra O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun xomashyo bilan ta’minlaydi.

Keyinchalik esa tayyor mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi butkul O‘zbekistonga transfer qilinadi. Bunda o‘zbek-hind davlat xususiy sherikligi tashkil etilib, O‘zbekiston korxona faoliyati uchun zarur yer, ko‘chmas mulk, uskunalar bilan ishtirok etsa, hindistonlik hamkorlar vaksina ishlab chiqarish sohasidagi eng so‘nggi nou-xaular, zamonaviy texnologiyalarni bepul taqdim etadilar, texnik ekspertiza, xodimlarni o‘qitish hamda ishlab chiqarishning boshlang‘ich bosqichini muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oladi.