2018-yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,822 mln so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 25 foizga o‘sishni ta’minladi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi.

Ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.


Foto: Davlat statistika qo‘mitasi.

Faoliyat turlari bo‘yicha maoshlar

Ta’lim. 22881 ta muassasada 996,3 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 38,2%) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 16,769 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 29,3%) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,396 mln so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 20,4 foizga o‘sdi.

Oliy ta’limda o‘rtacha oylik 2,34 mln so‘m, o‘rta maxsus ta’limda — 1,46 mln so‘m, umumiy o‘rta ta’limda — 1,42 mln so‘m va maktabgacha ta’limda — 955,9 mln so‘mga yetdi.

O‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 1,765 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 126,5%), Jizzax viloyatida 1,462 mln so‘mni (104,7%) va Toshkent viloyatida 1,439 mln so‘mni (103,1%) tashkil etgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatida 1,273 mln so‘mni (91,2%), Xorazm viloyatida 1,281 mln so‘mni (91,8%) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish. 1408 ta muassasada 432,7 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 16,6 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 6,09 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 10,7 foizni) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangano‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,173 mln so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 19,8 oizga o‘sdi.

Hududlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, ya’ni o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 1,404 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 119,7%), Buxoro viloyatida 1,290 mln so‘mni (110%), Qoraqalpog‘iston Respublikada 1,276 mln so‘mni (108,8%) va Sirdaryo viloyatida 1,240 mln so‘mni (105,8%) tashkil etgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatida 1,008 mln so‘mni (85,9%), Samarqand viloyatida 1,081 mln so‘mni (92,2%) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda

Sanoat. 614 ta korxonada 452,8 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 17,4 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 14,839 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 26 foizni) tashkil etgan. Sanoat sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,731 mln so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 30,6 foizga o‘sdi.

Tashish va saqlash. 207 ta korxonada 116,8 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 4,5 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 3,513 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 6,2 foizni) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,507 mln so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga o‘sdi.

Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik. 173 ta muassasada 67,6 ming nafar (2,6%) xodim, ish haqi fondi — 2,839 trln so‘m (5%), hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3,5 mln so‘m (o‘sish — 29,9%).

2018-yil yanvar-dekabr oylarida 2017-yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o‘sish sur’ati axborot va aloqa sohasida 33,8%, sanoatda 30,6%, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida 29,9%, qurilishda 29,2%, kuzatildi

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2,570 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 141,1%), Navoiy viloyatida 2,371 mln so‘mni (130,1%) va Toshkent viloyatida 2,063 mln so‘mni (113,2%) tashkil etgan bo‘lsa, Samarqand viloyatida 1,431 mln so‘mni (78,5%), Namangan viloyatida 1,434 mln so‘mni (78,7%) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda

O‘zbekiston Mehnat Kodeksiga muvofiq, muayyan davr uchun belgilangan mehnat normasini va mehnat vazifalarini to‘liq bajargan xodimning oylik mehnat haqi qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi (2018-yil dekabr oyida 501,9 ming so‘mni tashkil etgan) bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.