O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalar qabul kvotasini mustaqil ravishda belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning 17 yanvardagi Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida so‘z boradi.

Yangi tartibni 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab joriy etish rejalashtirilgan. Kvotalarni belgilashda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning istiqboldagi ehtiyojlari, shuningdek, muassasalarning kadrlarni sifatli tayyorlashni tashkil etish imkoniyatlari hisobga olinishi lozim.

Avvallari O‘zbekiston ta’lim muassasalariga qabul kvotalari Davlat qabul komissiyasi tomonidan shakllantirilar edi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga izoh berishicha, qabul kvotasini mustaqil belgilash, bu — bosqichma-bosqich jarayon. Yangi tartibni joriy etish uchun tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinadi.

Prezident farmonida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida xabar qilinishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar bir vaqtning o‘zida bir necha oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshira oladi.

Farmonga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ushbu shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi kiritiladi. Bunga qadar esa harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalariga ega abituriyentlar uchun umumiy tanlov doirasida to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballarga ega bo‘lar edi.

Prezident farmonida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda xorijiy diplomlarning ekvivalentligini tasdiqlashdagi sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish va ularni tan olish jarayonini optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.