Toshkent ichki ishlar organlari xodimlari 3000 ga yaqin maxsus xizmat smartfonlari bilan ta’minlanadi. Bu haqda poytaxt IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar bilan eng ko‘p muloqotda bo‘luvchi profilaktika inspektorlari va post-patrul xizmati xodimlari texnik qurilmalar bilan ta’minlanadi.

Artel smartfonlariga shaxsni aniqlashtirish va avtomobil raqamlarini tekshirish uchun maxsus dastur o‘rnatiladi. Uning yordamida sudlanganlik, qidiruv, bedarak yo‘qolganlik yoki boshqa ma’lumotlarni tezkorlik bilan aniqlanadi.

Bundan tashqari, Minor messenjeri — Telegram analogi ham o‘rnatiladi. Mazkur messenjer orqali xodimlar favqulodda hodisa joyidan fotosuratlar, audio va videofayllarni yuborish, shuningdek murakkab vaziyatlarda shaxsiy tarkibni ogohlantirish imkoniga ega bo‘ladi.

GPS-trekerlar inspektorlarning faqat muayyan hududda faoliyat olib borishi ustidan nazorat o‘rnatishga yordam beradi.

Rustam Jo‘rayevning ta’kidlashicha, avvallari shaxsini aniqlashtirish uchun IIO bo‘linmalariga har kuni o‘rtacha 2500 kishi olib kelingan. Sinov bosqichida smartfonlar yordamida bu ko‘rsatkichni 500 taga qadar kamaytirishga erishildi.

«Hozirda profilaktika inspektorlari va PPX xodimlari uchun smartfonlar tayyor. Tez orada ularni tarqatishni boshlaymiz», — dedi IIBB boshlig‘i.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i Azizxon Umarxonovning ta’kidlashicha, smartfonlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilganidan keyin fuqarolarni shaxsni tasdiqlash uchun uchastkalarni olib borish amaliyotiga barham beriladi.