Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan «Azia metall prof» MCHJda metall quvurlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 3 million 300 ming dollar investitsiya kiritildi. Loyihani amalga oshirish uchun1 million 850 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilindi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Ayni paytda korxonada ikkita sex faoliyat yuritmoqda. Xitoyning «Urumqi Tongyale International Trade Co., Ltd» kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumiga muvofiq, o‘tgan yili metall quvurlar va sendvich panellar ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirildi. Metall quvur ishlab chiqarish sexining yillik quvvati 30 ming tonna. Sendvich panel ishlab chiqarish sexida oyiga 30 ming kvadrat metr mahsulot tayyorlanmoqda. Har ikki sexda 100 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.

Ayni paytda uchinchi sex qurilishi davom etmoqda. Xorijlik hamkorlarning 16 million 500 ming AQSH dollari qiymatidagi investitsiyasi ishtirokida maxsus ishlov berilgan qurilishbop metall profil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.