O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov 87 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tayanib O‘zA xabar berdi.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida filmga tushayotgan taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimovning to‘satdan tobi qochib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.

Po‘lat Saidqosimovni 15 yanvar kuni kechqurun qorin sohasidagi og‘riq bezovta qila boshlaydi. Bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, vrachlar tomonidan to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilishi uchun shifoxonaga yotqizilishi kerakligi to‘g‘risida tavsiya beriladi, lekin bemor yaxshi bo‘lib qolaman doimgi bo‘lib turadigan og‘riq deb unamaydi. Bemorda 16 yanvar kuni qorin sohasidagi og‘riq qaytalangandan so‘ng soat 16:10 da Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasining xirurgiya bo‘limiga yotqiziladi. Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi xirurglari tomonidan bemor ko‘rilib, bemorda «O‘tkir ichak tutilishi» tashxisi qo‘yiladi.

Bemorga shoshilinch operatsiya o‘tkazilishi va buning uchun bemorni qisqa muddatli tayyorlovdan o‘tkazilishi tavsiya etilgan, lekin bemor va uning qarindoshlari bemorni Toshkent shahriga olib borish imkoniyatini yaratib berilishini iltimos qilishgan.

Shundan so‘ng mutaxassislarni konsiliumi tashkil etilib, bemorni transportda Toshkent shaxrigacha maxsus reanomobilda olib borilishi mumkinligi va uning hayotiga xavf tug‘dirmasligi kafolatlangandan so‘ng bemorni Toshkent shahriga Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib borildi. P.Saidqosimov jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Markazda malakali mutaxassislar tomonidan operatsiya amaliyoti amalga oshirilgan, biroq bemorning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.