Davlat dasturiga asosan korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini yaratish nazarda tutilgan. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Xususan shu maqsadda 2019 yil 1 aprelga qadar ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan hujjatlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarini tashkil qilish;

korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday xizmatlarni raqamlashtirish, ularni «yagona darcha» tamoyili asosida berish va davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish;

korrupsiya holatlarini aniqlashga yordam ko‘rsatuvchi «xolis fuqaro» tizimini joriy etish, bunda jamoatchilik nazorati va nodavlat notijorat tashkilotlarning rolini oshirish;

huquqbuzarliklar va ularga sharoit yaratuvchi omillar haqida xabar berishga imkoniyat yaratuvchi yagona portalni tashkil etish va ishga tushirish;

davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarning shaffofligini ta’minlash;

pora berilishi haqida xabar qilgan davlat xizmatchilari, shuningdek korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklar haqida tasdiqlangan xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish;

korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish;

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan IHTTning korrupsiyani oldini olishga oid tavsiyalarini har tomonlama ko‘rib chiqish va amalga oshirish.