Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining bolalar kardiojarrohlik bo‘limida kuni kecha sun’iy qon aylantirish uskunasi yordamida to‘xtatilgan yurakda o‘n nafar bemorda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni va qorinchalararo to‘siq nuqsoni bo‘lgan ikki turdagi yurak porogi operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalanib o‘tkazilgan operatsiyani rossiyalik mutaxassislar kuzatib bordi.

Yaqin kunlarda bo‘limda yana o‘nlab bemor bolalarda shunday noyob jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, joriy yil mobaynida esa yana 300 nafardan ziyod bemor bolaga shunday yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.