O‘zbekistonda e’lon qilingan kapitali 1 milliard AQSH dollarimiqdorida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Prezidentning 17 yanvardagi 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida bu haqda so‘z boradi.

Quyidagilar jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish;
  • xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish va rivojlantirish;
  • investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikamizning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targ‘ib qilishga ko‘maklashish.

Farmon bilan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladigan 5 million AQSH dollari miqdoridagi ustav kapitaliga ega, aksiyadorlik jamiyati shaklidagi, davlat ulushi 100 foiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining boshqaruv kompaniyasi tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalari boshqaruv kompaniyasi tomonidan investitsiya uchun ustuvor sohalar, iqtisodiy maqsadga muvofiqlik va samaradorlik hisobga olingan holda mustaqil ravishda tanlab olinadi.

Bir loyiha bo‘yicha Jamg‘arma investitsiyalarining eng ko‘p miqdori ushbu loyihaga kiritilishi rejalashtirilayotgan investitsiyalar umumiy hajmining 30 foizidan oshmasligi lozim, qolgan qismi investorlarning o‘z mablag‘i va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Jamg‘arma va boshqaruv kompaniyasi faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

2019 yil 1 martga qadar investitsiya loyihalarini, birinchi navbatda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida amalga oshirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etishni hisobga olgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.