Prezidentning 2019 yil 17 yanvardagi Farmoni bilan respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish jarayonini faollashtirish bo‘yicha butun kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Mazkur hujjatning matni O‘zAda joylashtirilgan, deyiladi Norma.uz xabarida.

Birinchidan, 2019 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasining o‘rta muddatli istiqboldagi investitsiya siyosati strategiyasi ishlab chiqilishi kerak. Hujjat har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, investitsiya jalb etish uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi.

Investitsiya faoliyati sohasida normativ-huquqiy baza modernizatsiya qilinadi. Eslatib o‘tamiz, «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi — unifikatsiyalangan qonun hujjati tayyor.

2019 yil 1 martga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Investitsiya loyihalarini, birinchi navbatda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida amalga oshirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etish zarur.

Shuni ham eslatib o‘tamizki, videoselektor yig‘ilishida 8 yanvar kuni davlat rahbari xorijiy investitsiyalar jalb etishning yangi bosqichma-bosqich tizimini joriy etishni topshirdi.

Ikkinchidan, bir hafta muddatda 2019 yilda O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va siyosiy, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorligini yanada faollashtirish va rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasi belgilanadi. Tadbirlar davlat dasturi va 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi bilan o‘zaro uzviy bog‘liq tarzda amalga oshiriladi.

Uchinchidan, e’lon qilingan kapitali 1 mlrd AQSH dollari miqdorida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari:

respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish;

xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish va rivojlantirish;

investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikamizning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targ‘ib qilishga ko‘maklashish.

Investitsiya loyihalarini boshqaruv kompaniyasi — davlat ulushi 100 foiz bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati moliyalashtirish uchun tanlab oladi. Bunda jamg‘arma bitta loyihaga rejalashtirilayotgan investitsiyalar umumiy hajmining 30 foizidan oshmagan miqdorini kiritadi, qolgan qismi — investorlarning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari.

Jamg‘arma va boshqaruv kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik qilish jarayoni, loyihalarga birgalikda investitsiya kiritish mexanizmlarini hukumat keyinchalik o‘z qarori bilan belgilaydi.

To‘rtinchidan, 2019 yil 1 martdan boshlab viza rejimi va xorijiy investorlar uchun mamlakatda bo‘lish qoidalari soddalashtiriladi:

xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari) va ularning oila a’zolari uchun muddatini mamlakatdan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bo‘lgan, amal qilish muddati 3 yilni tashkil qiladigan «investitsiya vizasi» joriy etiladi (mamlakat viza tizimini soddalashtirish haqida bu yerga ham qarang);

O‘zbekiston hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil qilish uchun 3 mln AQSH dollaridan ortiq miqdorda investitsiya kiritgan xorijiy davlatlar fuqarolariga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari)ga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi 10 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi (O‘zbekistonda yashash guvohnomasi olish tartibidagi yangiliklar haqda bu yerga qarang);

yashash guvohnomasi yoki «investitsiya vizasi"ga ega xorijiy investorlar hamda ularning oila a’zolari O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy va ta’lim xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi;

xorijiy investorlar, ular tomonidan xorijiy davlatlar fuqarolari orasidan jalb etiladigan mutaxassislar va ularning oila a’zolarini vaqtincha ro‘yxatga olish investitsiya loyihasi ro‘yobga chiqarilayotgan hududdagi aholi yashash punktida, mamlakatning boshqa hududlarida bo‘lganda qayta ro‘yxatdan o‘tish majburiyatisiz, vizaning amal qilish muddatiga (viza mavjud bo‘lmaganda esa 1 yil muddatga) amalga oshiriladi.

Beshinchidan, O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi — Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi (75 foiz) hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (25 foiz) tomonidan shakllantiriladigan 5 mln AQSH dollari miqdoridagi ustav fondiga va 1 mlrd AQSH dollari miqdoridagi e’lon qilingan kapitaliga ega bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyat ochiladi.

Kompaniya faoliyat ko‘rsatayotgan va yangi tashkil qilinayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav kapitallarida ulushlar sotib olishi, bu ulushlarni boshqa investorlarga sotishi, qarzlar berishi, qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarishi va boshqa shakllarda investitsiya faoliyatini olib borishi mumkin.

Bundan tashqari, investitsiya kompaniyasi muhim missiyaga ega — BAA bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ushbu mamlakat investitsiyaviy, moliya institutlari va kompaniyalari bilan investitsiyaviy munosabatlarni muvofiqlashtirish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish.

Qo‘shimcha ravishda quyidagi imtiyozlar nazarda tutiladi:

a) investitsiya kompaniyasi va uning ta’sischilari olingan dividend va foizlar bo‘yicha daromadlar bilan birga foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan, shuningdek, uning mol-mulki va aktivlarini realizatsiya qilishda QQSdan 3 yil muddatga ozod qilinadi;

b) ustav fondi (kapitali)ning kamida 30 foizi investitsiya kompaniyasi mablag‘lari hisobidan shakllantirilgan yangi tashkil etilgan korxonalarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.