O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 1 yanvar holatiga 33 million 254 ming 100 kishini tashkil etib, 2018 yilda 597,4 ming kishiga yoki 1,8 foizga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining demografik vaziyatga bag‘ishlangan hisobotida so‘z boradi.

Jumladan, shahar aholisi soni 16,805 mln kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,5%), qishloq aholisi soni esa 16,449 mln kishini (49,5%) tashkil etdi.

Aholi zichligi bo‘yicha tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston bo‘yicha 1 kv kmga 74,1 kishi, aholining eng zich joylashuvi Andijon (1 kv kmga 713,2 kishi), Farg‘ona (544,8 kishi), Namangan (370 kishi) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, aksincha holat Navoiy viloyati (8,8 kishi) va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (11,2 kishi) to‘g‘ri kelmoqda.

Respublika doimiy aholi sonining 30,3 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 59,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

Umumiy demografik yuk koeffitsiyenti 681 kishini (har 1000 mehnatga layoqatli aholiga nisbatan), mehnat yoshidan kichiklar yuk koeffitsiyenti 509 kishini, mehnatga layoqatli yoshdan kattalar yuk koeffitsiyenti 172 kishini tashkil etmoqda.

2018 yilning yanvar-dekabr oylarida 768,3 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib (bu yerda va bundan keyin tug‘ilganlarga faqat tirik tug‘ilganlar inobatga olingan), mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 23,3 promilleni tashkil etdi hamda 2017 yilning mos davriga nisbatan 1,2 promillega oshganligi (2017 yilning yanvar-dekabr oylarida 22,1 promille bo‘lgan) kuzatildi.

Onaning birinchi tug‘ishdagi o‘rtacha yoshi 23,7 yoshni tashkil etib, viloyatlar kesimida eng katta ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatiga va Toshkent shahriga (24,3 yosh) eng kichik ko‘rsatkich esa Samarqand (23,1 yosh) viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Jami tug‘ilganlarning 36,3 foizi onaning 1-farzandi, 34 foizi onaning 2-farzandi hamda 29,7 foizi onaning 3-va undan yuqori farzandlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Yil davomida 154,7 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etdi, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,3 promillega kamaygan (2017 yilda 5 promille bo‘lgan).

Qayd etilgan vafot etganlarning 60,3%i — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,7%i — o‘simtalardan, 6,5%i — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,6%i — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,0%i — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,5%i — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,4%i — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 7,5 ming nafarni tashkil etib, ularning 60,5%i — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 16,8%i — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 11,7%i — tug‘ma anomaliyalardan, 2,3%i — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 2,5%i — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 0,7%i — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,5%i — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

2018 yilning yanvardekabr oylarida aholining tabiiy o‘sishi 613,6 ming kishini tashkil etib, 2017 yil mos davriga nisbatan 58,8 ming kishiga (2017 yilning yanvar-dekabr oylarida 554,8 ming kishi bo‘lgan) o‘sgan.

FHDYO organlari tomonidan 311,4 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 9,4 promilleni tashkil etdi. Tuzilgan nikohlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (12,2%), Jizzax (6,9%), Toshkent (5,9%) viloyatlari, Toshkent shahri (5,7%) va Andijon (5,6%) viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

FHDYO organlari tomonidan 32,3 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1 promilleni tashkil etdi. Ajrimlar sonida yuqori o‘sish sur’atlari Andijon (31,3%), Toshkent shahriga (19,4%), Surxondaryo (5,6%) va Toshkent (2,8%) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. 2017 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Xorazm (23,1%) va Qashqadaryo (20,0%) viloyatlarida kuzatildi.

2018 yil yanvar-dekabr oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 160 ming kishini (157,2 ming kishi respublika hududlaridan, 2,8 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 176,2 ming kishini (157,2 ming kishi respublika hududlariga, 19 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 16,2 ming kishi bo‘lib, 2017 yilning mos davrida minus 18,6 ming kishi bo‘lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent viloyatida (minus 5,6 ming kishi), Qashqadaryo viloyatida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (minus 4,2 ming kishi) va Samarqand viloyatida (minus 3,7 ming kishi) qayd etildi. Migratsiya saldosining ijobiy darajasi Toshkent shahrida (plus 15,3 ming kishi) kuzatildi