QHTBT portalida bankrotlik tartib-taomilini qayta ko‘rib chiqish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirishni nazarda tutuvchi Prezident qarorining loyihasi joylashtirilgan. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar taklif qilinmoqda.

Bankrotlik ishi mezonlari va unga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish

Birinchidan, sud bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan yuridik shaxs qarzining eng kam jami summasini kamaytirish:

yuridik shaxsga nisbatan — 500 dan 300 EKIHgacha;

YATT yoki YATT maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan, — 30 dan 20 EKIHgacha.

Ikkinchidan, kreditorlarning talablari bo‘yicha pul majburiyatlarini, shuningdek majburiy to‘lovlarni, shunday majburiyatlar vujudga kelgan kundan boshlab uch oy emas, balki ikki oy ichida bajarmaslik muddatini bankrotlik alomatlari deb hisoblash taklif qilinmoqda.

Uchinchidan, tugatishga doir ish yuritishni uzaytirish mexanizmiga tuzatish kiritish. Hozirgi kunda ish yuritishni uzaytirish ham bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar iltimosnomasiga, ham iqtisodiy sud tashabbusiga ko‘ra uzaytirilmoqda. Loyiha bilan tugatishga doir ish yuritishni sud qaroriga asosan faqat yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar iltimosnomasi asosida uzaytirish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, uzaytirishning eng ko‘p muddatini — ko‘pi bilan 3 oyni belgilash ko‘zlanmoqda (hozirgi kunda u aniqlashtirilmagan, tugatishga doir ish yuritish muddati esa 1 yildan oshishi mumkin emas).

To‘rtinchidan, benefitsiar (naf oluvchi, tahr.) va affillangan (qarzdor uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish yoki boshqacha tarzda ta’sir ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan) shaxslar uchun, basharti ularning birgalikdagi harakatlari soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelgan va bu haqda sudning kuchga kirgan hukmi mavjud bo‘lsa, subsidiar javobgarlikni belgilash rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun: subsidiar javobgarlik asosiy qarzdorning javobgarligiga qo‘shimcha ravishda bo‘ladi.

Beshinchidan, bankrot qarzdorlarning mol-mulkini sud boshqaruvchilari tomonidan «E-IJRO AUKSION» orqali sotish ko‘zlanmoqda.

Barcha yuqorida keltirilganlarni o‘z ichiga oluvchi yangi tartibni joriy yilning 1 iyulidan belgilash rejalashtirilayotir.

Sud boshqaruvchilarini tayinlash tartibini yangilash

2019 yil 1 oktyabrdan quyidagilar rejalashtirilmoqda:

1) soliq organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan soddalashtirilgan bankrotlik tartib-taomillarida tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish uchun sud boshqaruvchilarini soliq organlari xodimlari jumlasidan tayinlash tartibini bekor qilish;

2) yuqorida ko‘rsatilgan soddalashtirilgan tartib-taomilda tugatishga doir ish yuritish sud boshqaruvchilari tomonidan ularga har bir tugatishga doir ish yuritish uchun oyiga EKIHning 4 baravari miqdorida mukofot to‘langan holda amalga oshiriladi. To‘lovni soliq organlari qarzdor joylashgan joy bo‘yicha davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiradilar. Kreditorlik qarzi so‘ndirilgandan keyin sud boshqaruvchilariga qarzdorning sotilgan mol-mulki qiymatinig 5%i miqdorida qo‘shimcha mukofot to‘lanadi.

3) sud boshqaruvchilari faoliyati «fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish» ixtisosligi bo‘yicha litsenziyaga ega va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

4) sud boshqaruvchilari o‘z faoliyatini faqat Sud boshqaruvchilari uyushmasiga majburiy a’zo bo‘lib, a’zolik badalini to‘laganda amalga oshirishlari mumkin.

5) sud boshqaruvchilarini tayinlash sud tomonidan kreditor (kreditorlar umumiy yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi) yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi yoxud Uyushma va uning bo‘linmalari tomonidan Uyushma tomonidan amalga oshiriladigan sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholashni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Sud boshqaruvchilari uchun kurslar tashkil etish

Ular 1 apreldan LBMA huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabida tashkil etiladi.

Kurslarda talabgorlar sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun shartnoma asosida o‘qitiladi. O‘qish yakunlariga ko‘ra sud boshqaruvchisi attestatini olish huquqini beradigan kurslarni tugatganligi to‘g‘risida sertifikat beriladi.

Shuningdek, kurslarda sud boshqaruvchilarining professional darajasini va malakasini oshirish nazarda tutiladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.